Ko‘cha supurishdan paxta terimigacha. O‘qituvchilarning yaqin o‘tmishidan so‘ylovchi rolik
O‘qituvchi Balogardonova hamda direktor Ura Barakallayevich obrazi orqali yangi tahrirdagi Konstitutsiyaning 52-moddasi qiziqarli tarzda tushuntirib berildi. Ushbu moddada davlat o‘qituvchilarning sha’ni va qadr-qimmatini himoya qilishi haqidagi norma belgilab qo‘yilgan.
Yangilanayotgan Konstitutsiyaga alohida modda kiritilib, unda pedagoglarning huquqlari mustahkamlab qo‘yilmoqda.
Yangi tahrirdagi Konstitutsiyaning 52-moddasiga ko‘ra, o‘qituvchining mehnati jamiyat va davlatni rivojlantirish, sog‘lom, barkamol avlodni shakllantirish hamda tarbiyalash, xalqning ma’naviy va madaniy salohiyatini saqlash hamda boyitishning asosi sifatida e’tirof etiladi. Davlat o‘qituvchilarning sha’ni va qadr-qimmatini himoya qilish, ularning ijtimoiy va moddiy farovonligi, kasbiy jihatdan o‘sishi to‘g‘risida g‘amxo‘rlik qiladi.
Amaldagi Konstitutsiyada o‘qituvchilar uchun alohida modda yo‘q edi. Faqatgina 41-moddada har kim bilim olish huquqiga ega ekanligi, bepul umumiy ta’lim olish davlat tomonidan kafolatlanishi, maktab ishlari davlat nazoratida bo‘lishi belgilab o‘tilgan.
Mazkur yangi norma yaqin yillargacha majburiy mehnat tufayli dalada qora ishchi, ko‘chada tozalikbon bo‘lib kelgan o‘qituvchilarning jamiyatdagi mavqeyini mustahkamlashga xizmat qiladi. Oddiy aytganda, endilikda o‘qituvchi qadr topadi, peshonasiga oftob tegadi.