Hayot

Jahon banki Oʻzbekistonga pensiya yoshini oshirishni tavsiya qildi

Oʻzbekistonda pensiya yoshi ayollar uchun 55, erkaklar uchun 60 yosh boʻlgan sobiq ittifoq mamlakatlari ichidagi yagona davlat hisoblanadi.

Jahon banki Oʻzbekistonga uzoq muddatli istiqbolda pensiya yoshini oshirishni tavsiya qildi. Bu boradagi tavsiya hukumat soʻrovi bilan tayyorlangan hisobotdan oʻrin olgan. Maʼlumotlarga koʻra, bugungi kunda mamlakatimizda yoshga doir pensiya oluvchilar soni 3 milliondan oshdi.

Soʻnggi yillarda pensiya taʼminoti tizimini isloh qilish borasida muhim chora-tadbirlar amalga oshirildi. Jumladan, 2017-2022 yillarda «Fuqarolarning davlat pensiya taʼminoti toʻgʻrisida»gi qonunga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritilishini nazarda tutuvchi 16 ta qonun, 70 ga yaqin boshqa meʼyoriy-huquqiy hujjatlarning qabul qilinishi tizimdagi muammolarning qonuniy yechimiga xizmat qilmoqda.

Aholini uzoq yillar davomida qiynab kelgan holatlardan biri pensiya va nafaqalar toʻlovi kechiktirilishi bilan bogʻliq muammo yechim topdi. Pensiyani rasmiylashtirish uchun pasport bilan murojaat qilish tizimi ishga tushdi. 2023-yil 1-yanvardan boshlab pensiyani hisob-kitob qilish uchun ish haqining maksimal miqdori, yaʼni yuqori chegarasi pensiyani hisoblash bazaviy miqdorining oʻn barobaridan oʻn ikki baravarigacha oshirildi.

Jahon bankining hisobotida qayd etilishicha, Oʻzbekistondagi demografik oʻzgarishlar va qariyalar sonining koʻpayishi pensiya tizimiga bosim koʻrsatmoqda. Bu esa pensiya tizimini isloh qilishni taqozo etmoqda.

«Oʻzbekistonda pensiya yoshi ayollar uchun 55, erkaklar uchun 60 yosh boʻlgan sobiq ittifoq mamlakatlari ichidagi yagona davlat hisoblanadi. 1990-yillardagi oʻtish davri islohotlari vaqtida koʻplab mamlakatlar pensiya yoshini 2-3 yilga oshirdi», deyiladi hisobotda.

Qayd etilishicha, ayrim davlatlar ayollar va erkaklarning pensiya yoshini bosqichma-bosqich tenglashtirishga kirishmoqda. Estoniya, Latviya, Litva va Ozarbayjon ayollar va erkaklar uchun pensiya yoshini 65 yoshga oshirmoqda.

«2025-yildan boshlab pensiya yoshini bosqichma-bosqich 65 yoshgacha oshirishni nazarda tutuvchi 2021-2030-yillarga moʻljallangan Milliy ijtimoiy himoya strategiyasi doirasida qaror qabul qilish eng yaxshi variant boʻladi. Kelgusida bu demografik oʻzgarishlar bosimini kamaytirib, mehnatga layoqatli va pensiya yoshi oʻrtasidagi chegarani asta-sekin oʻzgartiradi. Ishchi kuchining demografik oʻsish salohiyati tugagunga qadar (2040-yillarning oʻrtalarida) buni amalga oshirish uchun mamlakatda vaqt boʻlishi juda muhim, chunki bu milliy raqobatbardoshlik masalasidir», deya tafsiya qilgan Jahon banki.

Source
Yuz.uz

TuraNews

Back to top button