Dushanba kuni Toshkent metropoliteni 620 ming yo‘lovchi tashidi
Poytaxtda 5 dekabr kunining o‘zida 620 ming yo‘lovchi metrodan foydalandi (bu odatiy kundan 105 ming (21%) nafarga ko‘p). Metropoliten xodimlari yo‘lovchi ko‘pligi sabab, fuqarolardan qoidalarga amal qilishni va kassalarda navbat kutib qolmaslik uchun bank yoki transport kartalardan foydalanishni so‘radi.
O‘zbekistonda 5 dekabrdan boshlab kunlar sovib ketishi sababli metrodan foydalanuvchi yo‘lovchilarning soni keskin ortdi. «Toshkent metropoliteni» DUKning ma’lum qilishicha, qorli dushanba kunining o‘zida 620 ming yo‘lovchi metroda o‘z manziliga borgan.
Bu o‘tgan haftaning bir kuniga nisbatan 105 ming (21%) yo‘lovchiga ko‘p.
2020 yil dekabr oyida bir kunda 240 ming yo‘lovchi, 2021 yil dekabr oyida esa kuniga 400 ming yo‘lovchi tashilgan bo‘lsa, 2022 yil dekabr oyida bu ko‘rsatkich 2020 yilga nisbatan 380 mingga (258%), 2021 yilga nisbatan 220 mingga (155%) oshdi.
Toshkent metropoliteni yo‘lovchilardan vaziyatga to‘g‘ri baho berib, transportdan foydalanish qoidalariga doimiy amal qilishlarini so‘ramoqda.
Harakatlanish vaqtida o‘zaro hurmatni saqlash, poyezd ichidagi yo‘lovchilar chiqib ketguniga qadar kirish uchun vagon eshiklari oldida turmaslik, manzilga kelgach poyezddan chiqish uchun imkon qadar tezroq harakat qilish, vagon eshiklariga suyanmaslik, shaxsiy buyumlarni vagon va metro hududida qoldirmaslik talab etiladi, deyiladi xabarda.
Bu talablarga amal qilinmasa, metro vagonlari eshiklari ishdan chiqadi, har xil nosozliklar kelib chiqadi va buning natijasida oraliq intervallar uzayib ketadi.
Qolaversa, metrodan doimiy tarzda foydalanuvchi yo‘lovchilardan to‘lovni bank va transport kartalari orqali to‘lash tavsiya etiladi. Bu orqali vaqt tejaladi hamda kassa oldida tirbandlik maksimal darajada kamayadi.