Janubiy Koreyalik ikki sayohatchi – Pak Xyon Min va Shin Xva Son dunyo bo‘ylab sayohatga otlandi. Ular ayni paytda yurtimizda bo‘lib turibdi.
«Yoshim 53 da. Ilgari qishloq xo‘jaligi bo‘yicha biznes bilan shug‘ullanganman. Ikki marta yuragimda jarrohlik amaliyoti o‘tkazilgach umrimni sayohatga bag‘ishlashni, turli davlatlarni ko‘rishni, millatlarning urf-odatlari va madaniyati bilan tanishishni maqsad qildim. Turmush o‘rtog‘im menga hamrohliq qiladi. Ilgari O‘zbekiston haqida eshitganman. Odamlar juda samimiy va mehmondo‘st ekan. Andijon, Buxoro va Samarqand shaharlarida bo‘ldik. Bu shaharlar qadimiy, shu bilan birga zamonaviy ham ekan. Mashinamizda biroz muammo chiqqani uchun bir necha kun Toshkent shahrida bo‘lamiz. So‘ng sayohatimizni davom ettiramiz. Sayohatlar davomida xalqlarning hatto cholg‘u asboblarigacha e’tiborimizni tortadi. Milliy taomlaridan tanovul qilamiz. O‘zbekistonda osh, sho‘rva hamda kabobning mazasi bizga juda yoqdi. Qolaversa, sayohat qilgan mamlakatlarimizdan yaqinlarimiz uchun sovg‘a-salomlar sotib olamiz. Bu sayohatlar bizni juda xursand qilmoqda”, deydi Pak Xyon Min.
Oila sayohatni o‘z treylerida amalga oshirmoqda. Treylerda mini-hammom, pechka, yotoqxona, konditsioner, televizor, hatto issiq va sovuq suvgacha mavjud.
Ma’lumot uchun aytib o‘tamiz, Pak Xyon Min va Shin Xva Son er-xotin. Pak Pokistonda tug‘ilgan, bolaligida Janubiy Koreyaga kelib, muqim yashab qolishgan. U musulmon, e’tiborlisi Shin Xva Son ham islom dinini qabul qilgan.