“Chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning O‘zbekiston Davlat chegarasi orqali o‘tishida biografik va biometrik ma’lumotlarini yig‘ish, saqlash, qayta ishlash va almashishning vaqtinchalik tartibini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qaror loyihasi e’lon qilindi.
Qaror loyihasi qabul qilinishining zaruriyatida aytilishicha, bugungi kunda chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar O‘zbekiston hududiga mehmon, mehnat, xizmat, ta’lim olish, davolanish, ziyorat, dam olish maqsadida kelib ketmoqda. Amaliyotda, ayrim shaxslar Davlat chegarasi orqali o‘tkazish punktlaridan o‘tishda harakatlanish hujjati sifatida muayyan hujjatni taqdim etib, O‘zbekiston hududida bo‘lgan davrda esa boshqa davlat fuqaroligi (yoki boshqa biografik ma’lumotlar bilan) hujjatni taqdim etish holatlari kuzatilmoqda.
Chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning o‘z xohishlariga ko‘ra joylashtirish vositalarida, davolash muassasalarida yoki uy-joy maydonida ro‘yxatdan o‘tishda, ularga davlat xizmatlari ko‘rsatishda hamda shaxsni identifikatsiya qilish bilan bog‘liq harakatlarda axborot tizimlarida nomuvofiqliklar mavjud.
Mazkur qaror loyihasi bilan chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning O‘zbekiston Davlat chegarasi orqali o‘tishida biografik va biometrik ma’lumotlarini yig‘ish, saqlash, qayta ishlash va almashishning vaqtinchalik tartibi tasdiqlanmoqda.
Vaqtinchalik tartibga asosan Ichki ishlar vazirligi, Davlat xavfsizlik xizmati, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat personallashtirish markazi o‘rtasida chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning biografik va biometrik ma’lumotlarini himoyalangan axborot uzatish kanallari orqali avtomatik rejimda almashinishi, ma’lumotlariga ishlov berish tartibi va saqlash muddatlari amaldagi qonun hujjatlari normalariga muvofiq belgilanishi hamda idoralararo elektron hamkorlik interfeys talablari alohida, ikki tomonlama Texnologik yo‘riqnomalarda tasdiqlanishi nazarda tutilmoqda.
Davlat chegarasi orqali o‘tkazish punktlarida chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning biometrik ro‘yxatga olishning axborot texnologiyalarining zamonaviy usullarini to‘liq va samarali sinovdan o‘tkazish uchun hamda bu sohadagi qonun hujjatlariga tegishli o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilgunigacha hamda vaqtinchalik tartibni amal qilish muddati 2024 yil 31 dekabrga qadar belgilanmoqda.