Buyuk ipak yo‘lining Zarafshon-Qoraqum yo‘lagi YUNESKOning Butunjahon merosi ro‘yxatiga kiritildi. Mazkur qaror 10−25-sentabr kunlari Ar-Riyod (Saudiya Arabistoni)da bo‘lib o‘tgan YUNESKO Jahon merosi qo‘mitasining 45-sessiyasida ma’qullandi, deya xabar bermoqda San’at va madaniyatni rivojlantirish jamg‘armasi matbuot xizmati.
Qo‘mita yodgorliklar va diqqatga sazovor joylarni muhofaza qilish bo‘yicha Xalqaro kengashning xulosalariga muvofiq Butunjahon merosi ro‘yxatiga yangi nomzodlarni ko‘rib chiqdi.
“Zarafshon-Qoraqum yo‘lagining Butunjahon merosi ro‘yxatiga kiritilishi uning o‘ziga xos tarixiy-madaniy qadriyatining e’tirofidir”, — dedi San’at va madaniyatni rivojlantirish jamg‘armasi ijrochi direktori, O‘zbekistonning YUNESKO ishlari bo‘yicha Milliy komissiyasi bosh kotibi Gayane Umerova.
Zarafshon-Qoraqum yo‘lagi uch davlatda joylashgan 31 ta obyektdan iborat. Ulardan 9 tasi Tojikistonda, 15 tasi O‘zbekiston hududida, qolgan 7 tasi Turkmaniston hududida joylashgan.
Markaziy Osiyo tadqiqotlari xalqaro instituti direktori Dmitriy Voyakin qabul qilingan qaror nafaqat O‘zbekiston va Markaziy Osiyo, balki butun dunyo tarixi uchun nihoyatda muhim ekanini ta’kidladi.
“Zarafshon-Qoraqum yo‘lagi shunchalik muhimki, u madaniy va tabiiy meros sohasidagi yagona seriyali transmilliy nominatsiyaga kiritilgan. U bir nechta davlatlarning qator obyektlarni Jahon merosi ro‘yxatiga kiritish uchun birgalikda ishlashni o‘z ichiga olishi sababli juda qimmatli loyihadir”, — dedi u.
Turli davrlardagi barcha obyektlar tarixdagi eng muhim savdo yo‘llaridan biri — Buyuk ipak yo‘lida joylashgan bo‘lib, mintaqaning ko‘p asrlik tarixi va boy madaniy-tarixiy merosini namoyish etadi.
Loyiha YUNESKO ishlari bo‘yicha O‘zbekiston Milliy komissiyasi tashabbusi bilan ishlab chiqilgan bo‘lib, komissiya muvofiqlashtiruvchi funksiyani ham bajargan. Nominatsiya Markaziy Osiyo tadqiqotlari xalqaro instituti, Madaniy meros agentligi hamda Buxoro va Navoiy viloyatlari hokimliklari ko‘magida tayyorlangan.