Qirg‘iz Respublikasining poytaxti Bishkek shahrida Mustaqil Davlatlar Hamjamiyati (MDH) Ijodiy va ilmiy ziyolilari forumiga start berildi.
Forum doirasida Hamdo‘stlik mamlakatlari davlat ommaviy axborot vositalari rahbarlaridan iborat MDH Axborot kengashining XXIX yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Bishkek shahridagi «Ala-Archa» davlat qarorgohida o‘tgan yig‘ilishni Qirg‘iz Respublikasi Prezidentining matbuot kotibi Erbol Sultonboyev ochib berdi va ushbu mamlakat Prezidenti Sadir Japarov nomidan ishtirokchilarni qutladi.
“Sadir Nurgojoyevich MDH Axborot kengashining mamlakatlarimiz o‘rtasidagi do‘stlikni mustahkamlash yo‘lidagi sa’y-harakatlarini qo‘llab-quvvatlaydi”, – dedi Erbol Sultonboyev.
MDH Axborot kengashi yig‘ilishi kun tartibidan media makonda o‘zaro hamkorlikni yanada mustahkamlash, faoliyatning oraliq yakunlarini sarhisob qilish, qo‘shma loyihalarni amalga oshirish va Kengash raisini saylash masalalari o‘rin oldi. Axborot makonining xolisligini ta’minlash, feyk axborotlarga qarshi kurashish mavzusi alohida muhokama qilindi.
Yig‘ilishda TASS bosh direktori Andrey Kondrashov MDH Axborot kengashining yangi raisi sifatida saylandi. U o‘z hamkasblariga bildirilgan ishonch uchun minnatdorlik bildirdi.
Mazkur yig‘ilishda MDH Axborot kengashi kuzatuvchisi bo‘lgan O‘zbekiston Milliy axborot agentligi nomidan Bosh direktorning birinchi o‘rinbosari Xushnud Xudoyberdiyev ishtirok etdi.