AQSh uzra kuchli tornado o‘nlab odamlarning o‘limiga sabab bo‘ldi
Uylar va korxonalar vayron bo‘ldi, daraxtlar ildizi bilan qo‘porib tashlandi, ofat 85 millionga yaqin aholi istiqomat qiladigan hududlarni qamrab oldi.
1 aprel kuni AQSh bo‘ylab esgan kuchli bo‘ronlar janubiy va o‘rta g‘arbdagi shahar va qishloqlarga jiddiy zarar yetkazdi, kamida 18 kishining hayotiga zomin bo‘ldi. Bu haqda AP xabar berdi.
Kamida yettita shtatda tornadolar uylar va korxonalarni vayron qilgan, daraxtlarni ildizi bilan qo‘porib tashlagan va 85 millionga yaqin aholi istiqomat qiladigan hududlarda vayronagarchiliklarga sabab bo‘lgan.
Tennessi shtatining Makneyri okrugida yetti kishi, Arkanzas shtatidagi Uinn shahrida to‘rt kishi va Indiana shtatining Sallivan shahrida uch kishi halok bo‘lgani ma’lum.
Shuningdek, Alabama, Illinoys va Missisipi shtatlarida, Litl-Rok hududida ham qurbonlar qayd etilgan.
O‘n minglab odamlar tornado tufayli elektr energiyasisiz qoldi. Arkanzasda elektr energiyasisiz iste’molchilar soni qariyb 52 mingga yetgan. Indianada 69 ming, Illinoysda 33 ming va Oklaxomada 1,3 ming kishi elektrsiz qolgan. Ayova, Missuri, Tennessi, Viskonsin va Texas shtatlarida ham elektr energiyasida uzilishlar qayd etilgan.
Davlat o‘rmon xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, juma kuni Oklaxomada deyarli 100 ta yangi o‘rmon yong‘inlari haqida xabar berilgan va o‘t o‘chiruvchilar shanba kuni ularni bartaraf etishga urinishgan. Yong‘inlar bir hafta davomida xavfli bo‘lib qolishi kutilmoqda.