Adliya vazirligi: Davlat ramzlari tovar belgisi emas!
Instagram ijtimoiy tarmog‘idagi kanalda uy-ro‘zg‘or buyumlarida davlat gerbi va bayrog‘i tasvirlaridan foydalanilgani namoyish qilingan. Holatga Adliya vazirligi munosabat bildirdi.
«Tovar belgilari, xizmat ko‘rsatish belgilari va tovar kelib chiqqan joy nomlari to‘g‘risida»gi Qonunning 10-moddasida davlat gerblari, bayroqlari va davlat mukofotlarining tasviri tushirilgan belgilar; davlatlarning rasmiy nomlari TOVAR BELGILARI SIFATIDA RO’YXATDAN O’TKAZILMASLIGI belgilangan.
Instagram ijtimoiy tarmog’idagi «denisov.uz» kanalida namoyish qilingan uy-ro’zg’or buyumlarida davlat gerbi va bayrog’i tasvirlaridan foydalanishi O’zbekiston Respublikasi davlat ramzlariga nisbatan hurmatsizlik hisoblanadi.
O’zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 215-moddasida O‘zbekiston Respublikasi yoki Qoraqalpog‘iston Respublikasining Davlat bayrog‘i, Davlat gerbi yoxud Davlat madhiyasiga hurmatsizlik qilish — bazaviy hisoblash miqdorining yigirma besh baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yuz oltmish soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud uch yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanadi deb belgilangan.
Adliya vazirligi davlat ramzlarini hurmat qilishni va qonunga binoan faoliyat yuritishni so’rab qoladi.