Samarqand viloyatida 6 ta ko‘rgazma tashkil etildi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tashabbusiga asosan Turizm va madaniy meros vazirligi hamda Madaniy meros agentligi tomonidan Turkiy tilli davlatlar tashkilotining navbatdagi sammiti doirasida Samarqand viloyatida umumiy 6 ta ko‘rgazma ekspozitsiyalari tashkil etildi, Yuz.uz xabar bermoqda
Ushbu ko’rgazmalardan biri «Davrlarga tobe bo’lmagan meros» nomi ostida o‘tkazildi va muzeylarimizda saqlanayotgan nodir va noyob osori-atiqalar namoyish etildi.
Yurtimiz tarixi davomida bir qator tamaddunlar rivojiga guvoh bo‘lgan. Shu boisdan O‘zbekiston muzeylarida ko‘plab noyob buyumlar saqlanadi. Ko’rgazmada turli asrlarga oid 400 dan ortiq artefaktlar namoyishga qo‘yildi.
Mazkur osori-atiqalar XV asrdan to bizning zamonamizgacha bo‘lgan davrga oid bo‘lib, ekspozisiyada O‘zbekistondagi san’at, amaliy san’at va tarix muzeylari, shuningdek «Afrosiyob» nomli Samarqand tarixi muzeyi, Termiz arxeologiya muzeyi hamda Qadimgi Xorazm muzeyi to‘plamlari namoyish qilinmoqda.
Ayniqsa ko‘rgazma pavil’onlarida havola etilayotgan qadimgi taqinchoqlar, qo‘l mehnati namunalari, milliy matolar va boshqa ashyolar mehmonlarning diqqat-e’tiborini jalb etmoqda.
Mazkur ko‘rgazma 2-dekabrgacha davom etadi va unga kirish bepul qilib belgilangan.