Qozog‘iston Majilisi mamlakatda Starlink`dan foydalanishga ruxsat berdi
Qozog‘iston parlamentining quyi palatasi mamlakatda Starlink sun’iy yo‘ldosh internetidan foydalanishni ma’qulladi. Rasmiylar Starlink to‘plamlarining birinchi partiyasini qabul qilib oldi, ularni qishloq maktablarida o‘rnatish rejalashtirilgan.
28-fevral kuni Qozog‘iston parlamenti Majilisi (quyi palatasi) ikki o‘qishda qonunchilikka Ilon Maskka tegishli SpaceX kompaniyasining Starlink sun’iy yo‘ldosh internetidan foydalanishni ma’qullovchi tuzatishlarni qabul qildi. Endi qonun Senat tomonidan ma’qullanishi kerak, deb yozadi informburo.kz.
Hujjat “aloqa bozorini rivojlantirish, raqamlashtirish va mamlakatda qulay investitsiya muhitini yaratish” maqsadida ishlab chiqilgan, deyiladi xabarda.
Qonun 2026-yilgacha geostatsionar bo‘lmagan sun’iy yo‘ldoshlardan (Starlink, OneWeb) foydalangan holda aloqa texnologiyalarini joriy etish bo‘yicha maxsus reglament joriy etishni nazarda tutadi. Bu chekka qishloqlardagi ijtimoiy obyektlarni internet bilan ta’minlash imkonini beradi, deya aniqlik kiritdi informburo.kz.
Majilis deputati Yekaterina Smishlyayevaning ta’kidlashicha, qonunning maqsadlaridan biri bunday xizmatlardan foydalanishning huquqiy modelini yaratish hisoblanadi, chunki SpaceX`dan tashqari, o‘z sun’iy yo‘ldoshlari bilan shu kabi xizmatlarni taklif etuvchi boshqa xorijiy kompaniyalar ham bor.
Tuzatishlar qabul qilinishidan bir necha kun oldin Forbes Qozog‘iston mamlakatga 500 ta to‘plamdan iborat Starlink uskunasining birinchi partiyasi olib kelinganini yozgandi. Ularni qishloq maktablariga o‘rnatish rejalashtirilgan.