Qirg‘iziston Madaniyat vazirligi TikTok’ni bloklashga qaror qildi
Qirg‘iziston Madaniyat, axborot, sport va yoshlar siyosati vazirligi mamlakatda TikTok ijtimoiy tarmog‘i faoliyatini bloklashga qaror qildi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, mazkur ijtimoiy tarmoqning bolalar ruhiy rivojlanishi va salomatligiga zarari haqida nodavlat notijorat tashkilotlari tomonidan ko‘plab murojaatlar kelib tushgan. Shundan so‘ng vazirlik tomonidan tarmoq kontenti monitoringi o‘tkazilgan.
Platforma foydalanuvchilarini qisqa roliklarning virtual olamiga tortadi, ularni ko‘rgandan so‘ng o‘smirlar ma’lum videolarni takrorlashga urinadi, ularning ba’zilari esa hayot uchun xavfli, deya hisoblaydi vazirlik.
“Ko‘plab murojaatlarni inobatga olgan holda va o‘tkazilgan monitoring asosida vazirlik Qirg‘iziston hududida TikTok servisini to‘xtatishga qaror qildi”, — deyiladi xabarda.
Qaror qonunchilik doirasida kelgusida amalga oshirish uchun mamlakat Raqamli rivojlanish vazirligiga yuborildi.