Dunyo

Daniya Qur’on yoqishni taqiqlaydi

Daniya qonunchilik darajasida Qur’on yoqilishini taqiqlaydi. Bu haqda adliya vaziri Piter Xummelgaard ma’lum qildi.

“Deutsche Welle” xabariga ko‘ra, hukumat mamlakatdagi ayrim muxolif partiyalarning “bunday taqiq so‘z erkinligi buzilishiga olib keladi”, qabilidagi e’tirozini qabul qilmadi.

“Qonun loyihasida diniy jamoatchilik uchun muhim ahamiyatga ega ob’ektlarga nisbatan noto‘g‘ri munosabatda bo‘lish taqiqlanishi qayd etilgan”, deydi Xummelgaard jurnalistlarga bergan intervyusida. Qo‘shimcha qilinishicha, mazkur hujjat jamoat joylarida o‘t qo‘yish va boshqa turdagi tahqirlash harakatlari bilan bog‘liq.

– Loyiha, masalan, Qur’on, Injil yoki Tavrotni ommaviy ravishda yoqib yuborganlik uchun javobgarlikni nazarda tutadi, – dedi u. – O‘z fikrini ifodalashning, biror nimani yoqishdan ko‘ra, madaniyatliroq usullari borligiga ishonaman.

Hujjatga ko‘ra, muhim diniy ahamiyatga ega ob’ektga nisbatan noo‘rin munosabatda bo‘lishda aybdor, deb topilganlar jarimaga tortilishi yoki ikki yilgacha qamoq jazosiga hukm qilinishi mumkin, deb yozadi “NY Times”.

So‘nggi oylarda Daniya va Shvetsiyada odamlarning Qur’on nusxasini omma oldida yoqib yuborishi yoki tahqirlash bilan bog‘liq ko‘plab xunuk hodisalar yuz berdi. Shundan kelib chiqib, Daniya mazkur holatga chora ko‘rdi. Bunday harakatlar qator musulmon davlatlari noroziligiga sabab bo‘lib, Shimoliy Yevropa davlatlaridan bunday amallar taqiqlanishi qat’iy talab qilindi.

Eslatib o‘tamiz, nojoiz aksiyalar o‘tgan yildan beri Shvetsiya, Daniya va Niderlandiyada o‘tkazib kelinmoqda. Turkiya Din ishlari boshqarmasi Stokgolm va Gaagadagi shunga o‘xshash voqealarga jiddiy norozilik bildirgan. Hatto, Anqara Bosh prokuraturasi Shvetsiya, Daniya va Gollandiyada Qur’onni yoqqan shaxslarga nisbatan jinoiy ish ochgan.

Via
Uza.uz

TuraNews

Back to top button