Qirg‘iziston suv taqchilligi fonida Kirov suv omboridan Qozog‘istonning Jambil viloyatiga sug‘orma suvni yetkazib berishni to‘xtatdi. Bu haqda Qirg‘iziston Qishloq xo‘jaligi vazirligiga tayanib, 24.kg xabar berdi.
Ta’kidlanishicha, iyul oyida Qozog‘iston mamlakatning Jambil viloyatida suv yetishmovchiligi sababli Kirov suv omboridan yetkazib berishni sekundiga 40 dan 45 kub metrgacha oshirishni so‘ragan.
“Qirg‘iziston tomoni Chuy va Talas viloyatlarida sug‘orish bilan bog‘liq shu kabi murakkab vaziyat mavjudligi haqida ma’lum qildi… Shuningdek, Qozog‘iston tomoni soniyasiga 45 kubometr tezlikda suv yetkazib berilganda, 1-avgustga kelib Qozog‘istonning ulushi jami 3,54 million kubometrni tashkil etishi, bu miqdor 10 kubometr tezlikda yetkazib berilganda ham, 2023-yil 4-avgustgacha tugashi haqida ogohlantirilgan. Mavjud hisob-kitoblar va dalillarga qaramay, Qozog‘iston tomoni yuqoridagi so‘rovidan voz kechmadi”, — deyiladi vazirlikning 24.kg keltirgan xabarida.
Qirg‘iziston Qishloq xo‘jaligi vazirligi Kirov suv omborida suv oqimi ortishi munosabati bilan ushbu vaziyat yana “ko‘rib chiqilishi”ni qo‘shimcha qildi.
“Afsuski, bugungi kunda suv omborida suv oqimi sekundiga atigi 1 kubometrni tashkil etmoqda, suv oqimida o‘sish kuzatilmagan, 2022-yilda oqim sekundiga 13,7 kubometrni tashkil etgan”, — deyiladi vazirlik xabarida.
Avvalroq Qozog‘iston Ekologiya va tabiat resurslari vazirligi Qirg‘izistondan “sug‘orma suv yetarli darajada ta’minlanmagani” tufayli Jambil viloyati dalalarida “noqulay vaziyat” yuzaga kelgani haqida xabar bergandi. Zarar ko‘rgan shaxslarga kompensatsiya to‘lash rejalashtirilmoqda. Mamlakatda sug‘oriladigan yerlarning to‘liq inventarizatsiyasi ham o‘tkaziladi.
Kirov suv ombori Qirg‘izistonning Talas viloyatida joylashgan bo‘lib, 1970-yillarda qurilgan. Ikki davlat hududidan oqib o‘tuvchi Talas daryosining suvidan Talas vodiysi va Qozog‘iston yerlarini sug‘orishda foydalaniladi.