Oʻzbekiston “Nike” krossovkalarini ishlab chiqarishni boshladi
Maʼlum qilinishicha, “Nike” transmilliy kompaniyasi oʻz brendi ostidagi sport poyabzallarini Oʻzbekistonda ishlab chiqarishga 2019-yilda rasman ruxsat bergan edi.
Xitoylik investorlar tomonidan 3 mln dollar evaziga Andijon viloyatida ish boshlagan “Sino International” xorijiy kompaniyasi oʻtgan 5 yil mobaynida “Nike” kompaniyasi tomonidan belgilab berilgan xalqaro standartlarni toʻliq bajarib, brend krossovkalarining dastlabki partiyasi ishlab chiqarilishi boshlandi.
Bugungi kunda “ Sino International” xorijiy kompaniyasida 50 nafar ishchi xodim mehnat qiladi. Korxonada kuniga 6000 juft krossovka ishlab chiqarish imkoniyati bor. Yil oxiriga kelib bu quvvat 2 hissa ortishi rejalashtirilgan.
“Nike” brendining original krossovkalarini ishlab chiqarish uchun kompaniyaning Xitoy filiali nega aynan Oʻzbekistonni tanladi?
— Bundan besh yil oldin biz Oʻzbekistondagi ishbilarmonlik muhitini oʻrganish va oʻz loyihalarimizni amalga oshirish uchun kelgan edik. Charm-poyabzal sanoatidagi loyihamiz ham bor edi. Bozorni oʻrganib chiqib, xalqaro brendlarni Oʻzbekistonga jalb qilishga qaror qildik. Bu haqida “Nike” kompaniyasining Xitoydagi filialiga murojaat qildik. Ular oʻz talablarini aytdi.
Shundan soʻng, “Oʻzcharmsanoat” uyushmasi bilan bu talablarni amalga oshirishga kirishdik. 2019-yilda loyihani boshladik. Koronavirus pandemiyasi sabab, uskunalarni yetkazib berishda uzilish boʻldi. Shuningdek, “Nike” transmilliy kompaniyasi texnologlarini kelishi ham kechikdi. Pandemiyadan soʻng bu ishlarni jadallashtirishni boshladik. Hozirda kuniga 6000 juft ishlab chiqarayotgan boʻlsak, kelgusida yiliga 3 mln juft krossovka shu liniyalarda tayyorlanadi, — dedi “Sino International” xorijiy kompaniyasi rahbari Rongxuan Fan.
“Nike” kompaniyasi strategiyasiga asosan, Oʻzbekistonda ishlab chiqarilayotgan krossovkalar Markaziy Osiyo, Pokiston va keyinchalik Yevropa bozorlariga yoʻnaltiriladi.
“Sino International” xorijiy kompaniyasining mahsulotlari allaqachon Oʻzbekiston, Qozogʻiston, Turkmaniston va Tojikiston bozoridan joy egalladi. Kelgusi yildan mahsulotlar Pokistonga ham yuboriladi.
“Sino International” xorijiy kompaniyasi bu bilan toʻxtab qolmasdan “Adidas” tomonidan qabul qilingan standartlarni yakuniga yetkazib, “Adidas” brendi ostidagi mahsulotlarni Oʻzbekistonda ishlab chiqarishni maqsad qilgan.