Toshkentga 233 ta avtobus va elektrobus olib kelindi
Toshkentga Xitoyda ishlab chiqarilgan 233 ta avtobus va elektrobus keltirildi. Shundan 203 tasi Yutong elektrobus va avtobuslari, 30 tasi esa o‘ta katta sig‘imli (18 metrli) King Long avtobuslaridir.
Toshkent shahri jamoat transporti uchun olib kelinishi belgilangan 1000 dona avtobusning bir qismi — 233 ta avtobus va elektrobus 8-aprel kuni keltirildi, deb xabar berdi Transport vazirligi axborot xizmati.
“Yangi O‘zbekiston” bog‘ida “Toshshahartransxizmat” AJ harakat tarkibini yangilash maqsadida Xitoyda ishlab chiqarilgan avtobus va elektrobuslarning birinchi partiyasini qabul qilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Bu birinchi partiya bo‘lib, shundan 100 tasi Yutong elektrobusi, 103 tasi uzunligi 12 metr bo‘lgan siqilgan tabiiy gazda harakatlanuvchi Yutong avtobuslari, 30 tasi esa o‘ta katta sig‘imli (18 metrli) King Long avtobuslaridir.
Xitoyning King Long kompaniyasi O‘zbekistonga 200 ta 18 metrli “garmoshkali avtobus”ni mart-may oylarida yetkazib berishi kutilayotgani haqida yozgan edik.
Prezidentning 2023-yil 16-fevraldagi “Jamoat transporti tizimini isloh qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan Toshkent shahri jamoat transporti uchun 200 dona 18 metrli va 500 dona 12 metrli tabiiy gazda ishlaydigan avtobus hamda 300 dona 12 metrli elektrobus xarid qilish belgilangan.