Erta bahorda bodomcha bezlar nega bezovta qiladi?
Xo'sh, ushbu kasallik qanday kelib chiqadi? Uni davolash choralari qanday?
Bahor faslida ob-havoning tez o’zgarishi sababli ba’zi insonlarda bodomsimon bezlar yallig’lanishi ko’p kuzatiladi. Hatto ayrimlar bu xastalik bilan bir umr kurashadi. Ko’rinishidan oddiy ko’ringan ushbu kasallikni o’z vaqtida davolamaslik, tanada, xususan, yurakda jiddiy asoratlarni keltirib chiqarishi mumkin.
Xo’sh, ushbu kasallik qanday kelib chiqadi? Uni davolash choralari qanday?
Mazkur savollarga oliy toifali shifokor Shoira Abdusattarova javob beradi.
— Bodomsimon bezlar yallig’lanishi (angina) yuqumli kasallik bo’lib, erta bahor payti ko’p kuzatiladi, — deydi mutaxassis. — Bu esa yozi iliq va qishi sovuq bo’lgan mintaqalar uchun o’ziga xos xususiyat hisoblanadi.
Ya’ni bahorning nam, shamol va tez o’zgaruvchan havosida organizm turli infektsiyalarga nimjon bo’ladi. Uni asosan og’iz bo’shlig’i yoki tashqaridan tushgan turli mikroblar chaqirishi mumkin.
Bular:
– viruslar;
– bakterial infektsiyalar.
Kuchli tomoq og’rig’i, qurishi, yuqori tana harorati xastalik belgilaridir.
Bodomsimon bezlar yallig’lanishi asoratlari bilan xavfli hisoblanadi. Unga o’z vaqtida e’tibor bermaslik yurak, buyrak va bo’g’imlarda jiddiy muammolarni keltirib chiqarishi mumkin.
Yaqin yillargacha anginadan faqat uni olib tashlash orqaligina qutilish mumkin, deb hisoblanardi. Biroq bugunga kelib konservativ davolash usullari orqali ham bu kasallikdan xalos bo’lish mumkin. Biroq xastalik surunkali tusga kirsa, ya’ni:
– kuchli yiringlash, og’riq, yuqori isitma kuzatilsa;
– har 3-6 haftada, yiliga 7 martadan ko’p qaytalansa;
– yiringli jarayonlar rivojlansa;
– bezlar kattalashib, nafas olish qiyinlashsa;
– konservativ davo samara bermasa;
– yurak, buyrak va bo’g’imlarda asoratlar kuzatilsa, anginani jarrohlik yo’li bilan olib tashlash tavsiya etiladi.
Sog’liqni saqlash vazirligi
Matbuot xizmati.