Dunyo

Qozog‘istonning sobiq mudofaa vaziri Murat Bektanov 12 yilga qamaldi

Qozog‘istonning sobiq mudofaa vaziri Murat Bektanov 2022 yilning yanvaridagi tartibsizliklar chog‘ida o‘z mansab vakolatini suiiste’mol qilganlikda aybdor deb topilib, 12 yillik qamoq jazosiga hukm qilindi.

Qozog‘istonning sobiq mudofaa vaziri Murat Bektanov 2022 yil yanvardagi tartibsizliklar chog‘ida o‘z mansab vakolatini suiiste’mol qilganlikda aybdor deb topilib, 12 yillik qamoq jazosiga hukm qilindi, deya xabar bermoqda BaigeNews portali.

«Bektanov Jinoyat ishlari bo‘yicha tumanlararo harbiy sudning 2023 yil 24 fevraldagi hukmi bilan Qozog‘iston Respublikasi Jinoyat kodeksining 451-moddasi (Mansabni suiiste’mol qilish) 3-qismi bilan aybdor deb topilib, unga 12 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan», — deyiladi xabarda.

Nashrning qayd etishicha, sud ish bo‘yicha batafsil ma’lumot bermagan.

Tengrinews xabariga ko‘ra, 2022 yil 19 fevralda Bosh prokuratura tomonidan sobiq mudofaa vaziri Murat Bektanovga nisbatan Jinoyat kodeksining 452-moddasi bilan xizmat chog‘ida harakatsizlik fakti bo‘yicha tergovga qadar tekshiruv boshlanib, 20 fevral kuni vaqtincha saqlash hibsxonasiga joylashtirilgandi.

Undan bir oy avval esa (2022 yil yanvar) prezident mudofaa vaziri Bektanovni ishdan bo‘shatgan. Keyinroq Qosim-Jomart Toqayev yanvar voqealari chog‘ida Qurolli kuchlar «o‘ta noaniqlik va tashabbuskor rahbarlik yo‘qligi» tufayli o‘z oldiga qo‘yilgan vazifalarni yetarli darajada bajara olmaganini, vazir Bektanov esa qo‘mondonlarga xos jihatlarni namoyon qilmaganini aytgan.

Ma’lumot uchun, yanvar voqealaridan so‘ng jami 1249 kishi asosan o‘g‘rilik, qurol o‘marish va tartibsizliklarda ayblanib sudlangan. Ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq haqiqiy jazo muddatlari 160 kishiga qo‘llanilgan. Qolganlarga nisbatan yengil jazo choralari tayinlangan.

Eslatib o‘tamiz, 2022 yil 2 yanvar kuni Qozog‘istonning Mangistau viloyati Janaozen shahrida avtomobil egalari suyultirilgan gaz narxi ikki baravarga (60 tengedan 120 tengega) ko‘tarilganidan norozi bo‘lib, ommaviy mitingga chiqishi bilan boshlangan edi.

Shundan keyin namoyishlar Aktau viloyati markazida ham bo‘lib o‘tgan, so‘ngra Qozog‘istonning boshqa hududlariga, jumladan, Nursulton shahri va Olmaotaga ham tarqalgan. Tartibsizliklarga Qozog‘iston MXQning sobiq raisi va sobiq mudofaa vaziri ham aloqadorligi aytilgan.

Source
Gazeta.uz

TuraNews

Back to top button