O‘zbekiston Rossiyadan gaz importini 1 martdan boshlamaydi — Energetika vazirligi
Rossiyadan O‘zbekistonga gaz importi 1 martdan boshlanmaydi, deb xabar qildi Energetika vazirligi. Ishchi guruhlar imzolangan «yo‘l xaritasi» doirasida o‘rganishni davom ettirmoqda. Hozircha aniq kelishuvga erishilmagan.
O‘zbekiston Rossiyadan gaz importini 1 martdan boshlamaydi. Bu haqda «Gazeta.uz» so‘roviga binoan Energetika vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
«Ishchi guruhlar imzolangan „yo‘l xaritasi“ doirasida o‘rganishni davom ettirmoqda. Hozircha aniq kelishuvga erishilmagan. Shu bois Rossiyadan O‘zbekistonga tabiiy gaz importi 1 martdan boshlanmaydi», — deyiladi Energetika vazirligi xabarida.
O‘zbekiston Energetika vazirligi va Rossiyaning «Gazprom» kompaniyasi 24 yanvar kuni gaz sanoati sohasida hamkorlik bo‘yicha «yo‘l xaritasi»ni imzolagan. Bundan bir hafta oldin «Gazprom» Qozog‘iston bilan ham shunday hujjat imzolagandi.
Noyabr oyida Rossiya O‘zbekiston va Qozog‘istonga «uch tomonlama gaz ittifoqi»ni tuzishni taklif qilgani ma’lum bo‘lgan.
O‘zbekiston Energetika vazirligining xabar berishicha, hamkorlikdan maqsad «mavjud gaz uzatish tizimiga egalik huquqini to‘liq saqlab qolgan holda (boshqaruv huquqini to‘liq saqlab) zarur hajmlarda ichki bozorga gaz yetkazib berishdir».
9 fevral kuni tomonlar Rossiya gazini Qozog‘iston hududi orqali O‘zbekistonga yetkazish masalasini muhokama qilgan. «Yo‘l xaritasi»ga ko‘ra («Gazeta.uz» u bilan tanishishga muvaffaq bo‘ldi) 1 martdan yetkazib berishni boshlash rejalashtirilgan edi.