Siyosat
O‘zbekiston Turkmanistondan suyultirilgan gaz partiyasini bepul oladi
Turkmaniston O‘zbekistonga «birodarlik yordami» sifatida suyultirilgan gazni «tegishli hajmda» bepul yetkazib beradi.
Turkmaniston prezidenti Serdar Berdimuhamedov O‘zbekistonga suyultirilgan gazni yordam sifatida berish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Bu haqda shanba kuni mamlakat televideniyesining «Vatan» axborot dasturida xabar berildi.
Hujjatda «Turkmangaz» davlat konserniga «do‘stlik va birodarlik yordami sifatida O‘zbekistonga tegishli hajmdagi suyultirilgan gaz yetkazib berish» topshirilgani keltirib o‘tilgan.
Dekabr-yanvar oylarida O‘zbekiston harorat keskin sovib ketishi, gaz va elektr energiyasi iste’moli ortishi sababli energetika inqiroziga duch keldi. Mamlakatda gaz quyish shoxobchalari yopildi, elektr energiyasi uzilib qoldi va uzilishlar ta’sirini yumshatish uchun boshqa choralar ko‘rildi.