Salomatlik

Oʻzbekistonda OIV kasalligi bilan yashab kelayotganlar soni ma’lum qilindi

Bugungi kunda Oʻzbekistonda 45 mingdan ortiq shaxs OIV kasalligi bilan yashab kelmoqda. Bu haqda 2-fevral kuni oʻtkazilgan brifingda Respublika OITSga qarshi kurash markazi direktori oʻrinbosari Gulifor Normuratova ma’lum qildi.

Uning qayd etishicha, oʻtgan yilda OIV infeksiyasiga tekshiruvlar soni 700 mingdan 3,5 millionga yoki 5 barobarga ortdi. Hukumat tomonidan dori vositalarini moliyalashtirish 80 foizni tashkil etib, Xalqaro tashkilotlar tomonidan 20 foiz holatlarda dorilarni O‘zbekistonga olib kirilishi hamda kasallik aniqlanishi bilanoq, barcha bemorlarga dori vositalarini berib borish yoʻlga qoʻyildi.

18 yoshgacha boʻlgan OIV infeksiyasiga chalingan bolalarga ijtimoiy nafaqalar berib borilishi yoʻlga qoʻyilgan.

2023-yilda “Aholi orasida OIV infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurashish samaradorligini oshirishga doir 2023—2027-yillarga moʻljallangan kompleks chora-tadbirlar dasturi”ni amalga oshirish maqsadida 120 milliard soʻm va 54 million dollar yoʻnaltiriladi.

Mazkur dastur doirasida OIV infeksiyasini erta aniqlash, tashxislash va davolash sifatini oshirish maqsadida har yili kamida 3 million aholi tekshiruvlar bilan qamrab olinadi.

OIV infeksiyasini onadan bolaga yuqishiga barham berish maqsadida OIV infeksiyali onalardan tugʻilajak 2 ming nafardan ortiq 6 oygacha boʻlgan bolalar quruq sut aralashmalari bilan taʼminlanadi.

2023-yil 1-iyunga qadar Toshkent shahri va Sirdaryo viloyatida, yil yakuniga qadar esa boshqa hududlarda FHDY organlari va tibbiyot muassasalari oʻrtasida nikohlanuvchi shaxslarni OIV infeksiyasi boʻyicha majburiy tibbiy koʻrikdan oʻtkazish boʻyicha elektron maʼlumot almashinuv tizimini joriy etiladi.

Bundan tashqari mutaxassislarning kasbiy salohiyatini oshirish maqsadida kamida 50 nafar tibbiyot xodimlarini xorijga malaka oshirishga yuborish, OIV infeksiyasi boʻyicha fundamental, amaliy va innovatsion tadqiqotlarni amalga oshirish koʻzda tutilgan.

Source
Daryo.uz

TuraNews

Back to top button